Toshkentda MTS rahbarlari ustidan mahkama boshlangan

Сўнгги янгиланиш 30 август 2012 - 13:27 GMT

MTS rasmiylari xodimlariga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni rad qilib keladi

Xabarlarga ko‘ra, Toshkent shahar mahkamasi MTS-O‘zbekistonning iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotgan to‘rt xodimi ishini ko‘rib chiqishni boshlagan.

"Uzdunrobita" shirkatining xodimlari iyun oyida hibsga olingan edi.

Shirkatning moliyaviy ishlar bo‘yicha bosh direktor birinchi o‘rinbosari Temurmalik Olimov, korporativ rivojlantirish dasturlari direktori Azizillo Mirzamoydinov, xavfsizlik departamenti direktori Alisher Muhammedov va axborot texnologiyalari bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Aziz Rahimovlarga moliyaviy jinoyatlar va noqonuniy daromadni o‘zlashtirish maqsadida jinoiy guruh tuzganlikda ayblanmoqda.

MTSning Moskvadagi idorasi xodimlariga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni rad qilgan va O‘zbek hukumatini respublika qonunlarini buzayotganlikda ayblagan.

BBC bilan suhbatda MTS shirkati matbuot kotibasi Valeriya Kuzmenkoning aytishicha, mahkama jarayoni bugun boshlangan, lekin mahkama qanday o‘tayotgani, nimalar haqida so‘z borayotgani to‘g‘risida ularda hozircha ma‘lumotlar yo‘q. Himoyachilar mahkamaga tayyorgarlik jarayonida sudlanuvchilar oldiga qo‘yilmagan, surishtiruv ishlari tunda o‘tkazilgan.

Himoyachilar mijozlari bilan gaplashganda esa, allaqachon qanaqadir hujjatlarga imzo chektirib olingan, boshqa ma‘lumotlar olishning ilojisi bo‘lmagan, deydi Valeriya Kuzmenko.

"Biz hali ham xodimlarimizga qo‘yilgan barcha ayblovlar o‘ylab topilgan va asossiz deb hisoblaymiz. Mahkamaga hujjatlarni tayyorlash jarayonida ham prokuraturaga chaqirilgan xodimlar jismonan va ruhiy bosimlarga duch kelishgan. Bizda yana ayblanuvchilar ko‘rsatmalari jismonan yo‘q qilish tahdidlari ostida olingani haqida ma‘lumotlar bor", - deydi MTS matbuot kotibasi Valeriya Kuzmenko.

"Uzdunrobita" menedjerlari o‘zlari qo‘yilgan ayblov varaqasi bilan tanishib chiqqanmi yoki yo‘qligi to‘g‘risida Kuzmenko xonim aniq ma‘lumotga ega emasligini aytadi.

"Umuman olganda xodimlarimizga qo‘yilayotgan ayblar hech bir asossiz va aniq bir dalillarga ega bo‘lmagani uchun, shu paytgacha MTSning O‘zbekistondagi idorasi bilan bog‘liq barcha noqonuniy ishlarning amalga oshirib kelingani, bugun boshlangan mahkamaning ham adolatli bo‘ladi, deb ishonish befoydaligini ko‘rsatadi", - deb aytadi Valeriya Kuzmenko.

O‘zbekiston mobil aloqa bozorida eng yirik shirkat bo‘lgan MTS litsenziyasi yo‘l qo‘yilgan noqonuniy harkatlari tufayli deya, iyul oyida dastlab 10 kunga keyinchalik 3 oyga to‘xtatilgandi.

O‘zbekiston davlat aloqa inspektsiyasiga ko‘ra, "MTS O‘zbekiston" markasi ostida faoliyat yurituvchi "Uzdunrobita" shirkati faoliyatida bir qator qonunbuzarliklarni aniqlagan.

So‘ngra, avgust oyining boshida MTSning O‘zbekistonda ish yuritish uchun berilgan litsenziyasi butunlay bekor qilingan edi.

Rossiyaning MTS shirkati bayonotida keltirilishicha, "Uzdunrobita"ga nisbatan jinoiy ish ataylab o‘ylab chiqarilgan va oxirgi paytda bo‘layotgan hodisalar O‘zbekistondagi ta‘sirli strukturalar yaxshi tashkillashtirib, rivojlantirilgan biznesni tortib olish istagida ekanliklaridan dalolat beradi.


* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.