
17 avgust kuni Olma-Ota shahri yaqinidagi mavzelardan birida o‘tkazilgan antiterror amaliyotida 9 gumondorning halok bo‘lgani aytilmoqda.
Ushbu shaxslar shu yilning 11 iyul kuni viloyatning Tausamali shaharchasida yuz bergan portlash va insoniy talofatlarga aloqasi bor deya gumonda bo‘lgan.
Qozog‘iston Bosh prokuraturasining rasmiy bayonotida ma‘lum qilinishicha, hibsga olish jarayonida gumondorlar o‘z ixtiyorlari bilan taslim bo‘lishdan bosh tortib, maxsus bo‘linma xodimlariga qarshi o‘t ochishgan.
Oxirgi vaqtlarda Qozog‘istonda deyarli ommaviy qatl darajasidagi hodisalar tez-tez ro‘y bermoqda.
May oyining oxirida chegara-nazorat nuqtasida xizmat qilayotgan 14 askar o‘ldirildi.
O‘tgan hafta Olma-Ota yaqinidagi o‘rmon nazoratchisi doxil 11 kishining jasadi topildi.
Oxirgi hodisada to‘qqiz inson o‘ldirilgan, va bunisi bu kabi amaliyotlarning ham dastlabkisi emas.
Bu hodisalar nimalardan dalolat beradi? Suhbatdoshimiz tahlilchi Dosum Satpayev:
Bu shundan dalolat beradiki, Qozog‘istondagi zaif jihatlar tobora namoyon bo‘lib bormoqda. Oxirgi 20 yil mobaynida hukumat "bizning davlatimiz ichki siyosiy barqarorlikning namunasidir, Markaziy Osiyodagi qo‘shnilari va hatto sobiq Ittifoq hududidagi davlatlardan iqtisodiy o‘sishi yuqori" degan so‘zlar bilan o‘zini-o‘zi ovutib kelgandi. Bu jarayonda esa hali 1990 yillardayoq mamlakatda bo‘y ko‘rsata boshlagan ba‘zi xavotirli jihatlarga e‘tibor qaratilmadi. Ana shu xavotirli jihatlar hozirda o‘z salbiy natijasini ko‘rsatmoqda. So‘z ketayotgan qotilliklar o‘rtasida balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik yo‘qdir, lekin ularning hammasi Qozog‘iston jamiyatining turli jabhalarida talaygina muammolar borligidan dalolat beradi.
BBC: O‘sha siz aytayotgan xavotirli jihatlar qaysilar, hech bo‘lmasa asosiylarini sanab o‘ta olasizmi?
Dosum Satpayev: Deylik, Qozog‘istonda oxirgi yillarda ro‘y berayotgan ekstremistik-terroristik faoliyat haqida so‘z yuritsak bu muammoni oxirgi yillarda paydo bo‘lgan, deb bo‘lmaydi. Biz bu borada 1990 yillardan beri tadqiqotlar o‘tkazib kelgandik, bu muammo 2000 yillar boshlaridanoq kengaya boshlagan. O‘sha yillari ba‘zi hibsga olishlar o‘shanda ham ro‘y berib turgandi, lekin hozirgiga qaraganda kamroq aks-sado bergandi. Biroq oxirgi vaqtlarda bu kabi tashkilotlarda ro‘y bergan o‘zgarish shuki, ular a‘zolarining aksari hozirda Qozog‘iston fuqarolari. Bu Qozog‘istonda oxirgi yillarda norozi guruhlar paydo bo‘lganligini anglatadi. Bu guruhlardan ba‘zilari esa radikallashmoqda va bundan tashqari ular o‘zlariga tarafdorlar yollay olishlariga imkon beruvchi ijtimoiiy muhit ham paydo bo‘ldi. Ya‘ni, tashqaridan kelgan yollanma terrorchilar emas, mahalliy terrorchilar paydo bo‘la boshladi. Bu esa yoshlar ongiga ta‘sir ko‘rsatuvchi omillardan biri. Yoshlar ham oxirgi 20 yilda qadriyatni tarbiyalash sohasida davlatning nazaridan qolganlar.
BBC: Siz aytayotgan norozi guruhlarning noroziligi nimadan?
Dosum Satpayev: Shuni aytish kerakkki, Qozog‘istonda norozi qatlam har turfa xil. Joriy rahbariyatga bo‘lmasa ham atrofidagi kazolarga qarshi norozilar bor, joriy hokimiyat va prezidentga qarshi guruhlar bor, va nihoyat biz yuqorida gapirayotgan radikal guruhlar mamlakatdagi siyosiy tuzum xalq manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi va bu tuzumni mutlaqo yo‘qotib, qandaydir diniy g‘oyalar asosiga qurilgan tuzumni yaratish kerak, degan aqidaga ega guruhlar ham bor.
BBC: Oxirgi hodisalarda kim mas‘ul bo‘lmasin, mavjud muammoni kimnidir o‘ldirib, yo‘qotib yechish mumkin ekan, degan madaniyat shakllanyapti, deb o‘ylaysizmi?
Dosum Satpayev: Qizig‘i shundaki, 1990 yillarda mol-mulk qayta taqsimoti ro‘y berib, elita shakllanayotgan vaqtda ham, bu jarayonlar boshqa davlatlarda o‘ta qonli yo‘lda ketayotgan vaqtda, Qozog‘istonda bu narsalar ro‘y bermagandi. Shuning uchun oxirgi yillarda bu kabi hodisa va qurbonlar soni ko‘pagaygani ko‘plarda turli savollarni tug‘dirmoqda. Ular atrofidagi tushunarsiz, qorong‘u jihatlar ham ko‘payib bormoqda. Bu hodisalarning aksarida faktlar va aniq ma‘lumotlar oshkor qilinmayapti. Rasmiy talqinga ko‘plar ishonmaydi, norasmiy talqinlar esa shu qadar ko‘pki, ularning ham qay biriga ishonishni bilmaysan. Nimalar ro‘y berayotgani haqida aniq ma‘lumot umuman yo‘q. Qurbonlar sonining oshib borayotgani esa davlat o‘zining asosiy vazifasi - ya‘ni fuqarolar xavfsizligini ta‘minlash kabi vazifani bajara olmayotganligini anglatadi. O‘ndan oshiq o‘ldirilgan chegarachilarning xavfsizligi ta‘minlanmagan bo‘lsa, oddiy fuqaroning xavfsizligi haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Bu esa yana bir xavfli yo‘nalishdan dalolat beradi, ya‘ni davlat o‘zining asosiy va eng muhim vazifalaridan birini bajara olmayapti, xavfsizlikni ta‘minlay olmayapti. Buning sabablaridan biri esa oxirgi yillarda huquq-tartibot organlari xodimlarining professional darajasi tushib ketganligidadir. Ular o‘z malakalarini oshirish o‘rniga ko‘proq muassasalararo tortishuvlarga aralashib qolganlar.
BBC: Buning natijasi o‘laroq ularda ham avval otib o‘ldir, u yog‘i bir gap bo‘lar, degan madaniyat shakllanganmi?
Dosum Satpayev: Yo‘q, menimcha politsiyaning jangrilarni butunlay yo‘qotish amallari "sutdan kuyganning qatiqni ham puflab ichayotganidir". Bu avvallari terroristik guruhlarning a‘zolarini qo‘lga olish amaliyotlari vaqtida politsiya tomonidan berilgan ko‘plab qurbonlarga javobiy usuldir. Hozirda politsiya ana shu o‘zi tomonidan qurbonlar sonini kamaytirish maqsadida "bizdan kimdir halok bo‘lgandan ko‘ra, ularni hammasini yo‘qotib tashlay qolaylik" qabilida ish tutishyapti. Ya‘ni, bu o‘tgan yillar mobaynidagi omadsiz amaliyotlarga javobiy qadam.

























