Qizlar bilan mushtlashgan qirg‘iz kurashchisi taqdiri nima bo‘ladi?

Aysuluv London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida sovrinli o‘rinlarga da‘vogarlardan biri sifatida ko‘riladi
Сурат тагсўзи, Aysuluv London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida sovrinli o‘rinlarga da‘vogarlardan biri sifatida ko‘riladi
    • Author, Cho‘lpon Bekbolotova
    • Role, BBC, Bishkek
  • Published

Bir guruh qizlar bilan yoqalashganlikda ayblanayotgan qirg‘izistonlik kurashchi qizning taqdiri naq London Yozgi Olimpiada O‘yinlari arafasida "qil ustida qolmoqda".

19 yoshli Aysuluv Tynybekova Qirg‘iziston tarixida o‘yinlarga yo‘llanma ololgan birinchi ayol kurashchi bo‘ladi.

Aysuluv London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ham sovrinli o‘rinlarga da‘vogarlardan biri sanalayotgandi.

U so‘nggi kunlarini poytaxt Bishkekni o‘rab turgan tog‘larda yugurib yoki tosh ko‘taribmi, xullas-kalom o‘yinlarga qizg‘in hozirlik ko‘rish bilan o‘tkazishi lozim edi.

Endi esa, iqtisodiyot oliygohi talabasi bo‘lgan Aysuluv bir qizning burnini urib, sindirganlikda aylanib, mahkamaga zir qatnashga majbur bo‘lmoqda.

Aysuluv hech kimni birinchi bo‘lib urmagani, bir guruh qizlar haqorat qilib, sochidan tutamlab tortishganida, o‘zini himoya qilishga majbur bo‘lganini aytmoqda.

Jabrdiyda qizning ota-onasi esa, Aysuluvdan 5.000 AQSh dollari atrofida tovon puli talab etishayotir.

Ularga ko‘ra, qizlarining burni singan, ustiga ustak miyasi ham chayqalgan va "Aysuluv qilgan qilmishi uchun Olimpiada O‘yinlarida qatnashishga haqli emas".

Eng qizig‘i, hodisa aprel oyida yuz bergan bo‘lsa-da, Aysuluvga qarshi ayblovlar naq London Yozgi Olimpiada O‘yinlari arafasida ilgari surilmoqda.

Uning murabbiysi Nurbek Isabekov ham "jabrdiyda"ning nega aynan hozir mahkamaga shikoyat arizasi bilan chiqqanidan hayron.

"Agar Aysuluv oddiygina o‘smir qiz bo‘lganida, hech kim bu mushtlashuvga e‘tibor ham berib o‘tirmasdi", deydi u.

Aysuluvning o‘ziga xosligi shundaki, u qizlarning jangari sport turlari bilan shug‘ullanishlari ma‘qul ko‘rilmaydigan chekka bir qishloqda tug‘ilib, o‘sgan.

Ustiga ustak, yana kurash bilan shug‘ullanishni o‘smir yoshidan boshlagan.

Ammo, shuni ham ta‘kidlash joizki, Aysuluvning bobosi taniqli kurashchilardan bo‘lgan.

Hozirgi murabbiysining nazariga esa, poytaxt Bishkekka tahsil olish uchun borganida tushib qolgan.

Aysuluv kurashchiman, deb o‘zidan ketib qolmagan: Qimizni xush ko‘radi, hamma bilan chiqishib ketaverishi bois, muxlislari ham bir talay.

U 63 kg vaznda erkin kurash tushadi, ammo Qirg‘izistonda boshqa xotin-qiz raqiblari bo‘lmagani bois, o‘zidan "ancha og‘ir" bo‘lgan erkak kurashchilar bilan birga mashq qiladi.

Bu esa, albatta, uning foydasiga. Biroq Aysuluv hozir butunlay boshqa kurashni bir yoqli qilishi kerak:

Nomini oqlab, Londonda sayohat qilish huquqini qo‘lga kiritishi lozim.