Rossiya suv toshqini qurbonlariga motam tutmoqda

Published

Rossiya janubiy Krasnodar o‘lkasida yuz bergan suv toshqinida nobud bo‘lgan insonlar uchun motam tutmoqda.

Rasmiylar tabiiy ofat 171 kishining umriga zomin bo‘lganini aytadilar.

BBC muxbiriga ko‘ra, eng ko‘p zarar ko‘rgan Krimsk shahri xuddi tsunamidan chiqqanga o‘xshab qolgan.

Suv toshqinlari bir necha hafta davom etgan yog‘ingarchilik ortidan, aksar odamlar uxlab yotgan paytlari ro‘y bergan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin odamlar tabiiy ofat ehtimolidan yetarlicha vaqt burun ogohlantirilganmi yo‘qligini tekshirishga buyruq bergan.

Suv toshqinining oldini olish maqsadida yetarli ish qilingani-qilinmaganini tekshirish yuzasidan ham jinoyat ishi ochilgan.

Rasmiylar ayblovlarni rad etishgan va suv ombori darvozalarini ochib yuborilishiga qattiq yog‘ingarchilik ortidan kelgan selning shiddati sabab bo‘lganini aytishgan.

Tergov qo‘mitasi qattiq yog‘ingarchilik boshlanganidan keyin mahalliy suv ombori darvozalari ochib yuborilgani haqidagi xabar tasdiqlanganini ma‘lum qilgan.

Bundan oldin Rossiya matbuoti va internetda suv toshqinlarining bu qadar katta talofotlarga to‘g‘on yorilib ketgani yoki undagi suv chiqarib yuborilishi sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

Tekshiruv o‘tkazish yuzasidan buyruq Prezident Putin shanba kuni zarar ko‘rgan mintaqani vertolyotda borib ko‘rishi va vaziyat bilan tanishishi ortidan berilgan.

Bu 59 yoshli Putin janoblari prezident etib saylanganidan beri Rossiyada yuz bergan eng yirik halokatli hodisadir.

Mahalliy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Krimsk shahridagi uchrashuvda Rossiya prezidenti mahalliy rasmiylar aholini ogohlantirish va qutqarish maqsadida o‘z vazifalarini qanchalar uddalaganlari tekshiriladi, deb aytgan.

Krasnodar o‘lkasi aholisi umrlarida bunday qattiq yog‘ingarchilikni ko‘rmaganlarini aytganlar.

Jumadan shanbaga o‘tar kechasi Novorossiysk shahri atrofida yoqqan yog‘ingarchilik hajmi 112-115 millimetrni tashkil etgan, bu xavfli deb ko‘riladigan nuqtadan ikka baravar ko‘pdir.

Krimsk shahriga yaqin Neberjayevskoye to‘g‘onini buzmasligi uchun suv oqizilishi oqimning quyi qismidagi suv sathining keskin ko‘tarilishiga olib kelgan.

Tungi soat 2 da odamlar jonlarini saqlash uchun qochishga majbur bo‘lganlar.

Suv toshqinidan eng ko‘p 57 ming aholi istiqomat qiladigan Krimsk shahri zarar ko‘rgan.

Halok bo‘lgan insonlarning aksari shu shaharda yashaganlar.

Qora dengiz sohilidagi Gelendjik shahrida ham to‘qqiz kishi va Novorossiysk shahrida ikki inson halok bo‘lgani xabar qilingan.

Rasmiylarga ko‘ra, o‘nlab insonlar bedarak ketganlar va qurbonlar soni yanada ko‘payishi mumkin degan xavotirlar bor.

Katta hududlarda elektr ta‘minoti uzilgan, do‘konlar yopiq.

Aksar odamlar o‘z xonadonlaridagi deyarli barcha narsadan ayrilib qolganlar.

Krasnador o‘lkasi hokimiga ko‘ra, toshqinlardan 24 ming odam aziyat chekkan. Mintaqa rasmiylari 5 mingdan ortiq uy-joyni suv yuvib ketganini aytishadi.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, Qora dengizning Krasnodar o‘lkasidagi yozgi lagerlarda 7 mingdan ortiq bola dam olayotgan bo‘lgan, bolalarning hammasi xavfsiz joyga evkauatsiya qilinganlar.