"MTS" O‘zbekistondagi bo‘limi faoliyatidagi tekshiruvlardan xavotirda

Published

"MTS" Ochiq Hissadorlik Jamiyatining aytishicha, O‘zbekistondagi bo‘limlarini tekshirayotgan mamlakat davlat idoralarining ishidagi qonunbuzarliklar shirkatlarining u yerdagi faoliyatini xavf ostiga qo‘yadi. Bu haqda jamiyatning rasmiy bayonotida aytiladi.

"MTS" Bosh idorasining bildirishicha, O‘zbekistondagi 100 foizlik shu‘ba shirkatlari bo‘lgan "O‘zdunrobita"ning moliyaviy-xo‘jalik ishlari tekshirilmoqda va boshqaruvchisi ham asossiz ravishda hibsga olingan.

Ularning bayonotiga ko‘ra, mazkur tekshiruv ishlari amaldagi O‘zbekiston qonunchiligi me‘yorlarini buzgan holda amalga oshirilmoqda.

"Bu esa, MTS-O‘zbekistonning doimiy tartibda faoliyat olib borishini xavf ostiga qo‘yadi va mamlakatda bundan keyin olib borajak ishlarini qiyinlashtiradi.

Shirkatning bildirishicha, O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan "O‘zdunrobita"ga 2.4 milliard o‘zbek so‘mi(1.27 million AQSh dollari) miqdorida soliq e‘tirozi ko‘rsatilgan rasmiy hujjat olishgan.

Shu bilan bir vaqtning o‘zida, shirkatning barcha bo‘linmalaridan hujjatlarining asl nusxalarini ommaviy ravishda olib qo‘yish, rahbarlarini so‘roq qilish va protsessual me‘yorlarni buzgan holda hibsga olishlar kechmoqda, deyiladi "MTS" bayonotida.

Ochiq Hissadorlik Jamiyatiga ko‘ra, "O‘zdunrobita"ning vaqtinchalik Bosh kotibi Radik Dautov va moliyaviy rahbari Temirmalik Alimovlar hibsga olinishgan.

"MTS" ularga O‘zbekiston kuch tizimlari tomonidan qonunga zid ravishda o‘zlariga noma‘lum bo‘lgan maqsadlarda bosim o‘tkazilishi mumkinligidan xavotir izhor etadi.

Shirkatga ko‘ra, bularning barchasi "O‘zdunrobita"ning faoliyatiga turli xil to‘sqinliklar yaratadi.

Ammo, joriy paytda, "O‘zdunrobita"ning o‘z faoliyatini davom etdirayotgani va mamlakatdagi 9 milliondan ortiq abonentiga xizmat ko‘rsatayotgani aytiladi.

"MTS" O‘zbekiston rahbariyatiga murojaat qilib, mamlakat nazorat va huquq-tartibot idoralari faoliyatining xolisligi va qonuniyligini ta‘minlash, Bosh prokuratura tomonidan asossiz ehtiyot chorasi sifatida "O‘zdunrobita"xodimlarining hibsga olinishi ehtimoliga yo‘l qo‘ymasligini iltimos qilgan.

Ochiq Hissadorlik Jamiyati o‘z bayonotining so‘nggida "O‘zdunrobita" va uning sho‘‘ba bo‘linmalarida 2004 yildan buyon muntazam ravishda olib borilgan soliq tekshiruvlarida biror bir jiddiy qonunbuzarliklar aniqlanmaganini ta‘kidlaydi.

"MTS"ning bildirishicha, shu yil fevral oyida o‘tkazilgan so‘nggi tekshiruv ortidan soliq idoralari aniqlagan 2.4 milliard o‘zbek so‘mi miqdoridagi soliq to‘lovini o‘z ixtiyorlari bilan va to‘laligicha to‘lashgan.

Shirkat huquqiy masalada "O‘zdunrobita"ning soliq va moliyaviy-xo‘jalik ishlarini tekshirishda O‘zbekiston davlat idoralari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildiradi.

"MTS" Rossiya va boshqa MDH davlatlaridagi yirik telekommunikatsiya operatorlaridan biri sanaladi.

O‘zbekiston davlat aloqa inspektsiyasi kuni-kecha "MTS O‘zbekiston" markasi ostida faoliyat yurituvchi "O‘zdunrobita" shirkati faoliyatida bir qator qonunbuzarliklarni aniqlaganini aytgandi.

Davlat aloqa inspektsiyasi qonunbuzarliklar o‘z vaqtida to‘g‘rilanmasa, shirkat faoliyatini to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini ham bildirgandi.

Bungacha MTSning O‘zbekistondagi rahbari Begzod Ahmedovning qochib ketgani haqida xabar chiqqan edi.

Kuzatuvchilar O‘zbekiston rahbariyati mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorij shirkatlarni tortib olish yoki o‘rnini boshqa shirkatlarga bo‘shatish maqsadida turli kamchiliklar topayotganlikda ayblashadi.