Turkiya: "Bosiq javobimizni ojizlik deb o‘ylamang"

Published

Turkiya o‘tgan juma kuni o‘z qiruvchi uchoqlaridan birining Suriya mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilganiga bugun keskin bayonot bilan javob bergan.

Bosh Vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘onning aytishicha, hukumatining bosiq javobi ojizlik, deb qabul qilinmasligi kerak.

Mamlakat parlamentida chiqish qilarkan, u Turkiyaning g‘azabi qaynaganini aytib, ogohlantirgan.

Bu bayonot ortidan Turkiya NATO ittifoqchilari majlisini chaqirgan.

NATO Bosh kotibi Andres Fox Rasmussen Suriyaning amalini keskin qoralab chiqqan.

Unga ko‘ra, Turkiya uchog‘ining urib tushirilishi toqat qilib bo‘lmas amaldir.

Janob Rasmussenning aytishicha, Suriya bu bilan xalqaro me‘yorlar, tinchlik, xavfsizlik va insonlar hayoti o‘zi uchun bir tiyin ekanini ko‘rsatgan.

NATO yig‘ini

Ittifoqqa a‘zo davlatlar bugungi yig‘inlari orqali Turkiya bilan yagona mavqe‘da ekanliklarini namoyish etishmoqchi.

Turkiya tomoniga ko‘ra, qiruvchi uchog‘ining parvozi rejaga muvofiq bo‘lgan.

Rasmiy Anqara, o‘z o‘rnida, uchoqning Suriya hududiga o‘tib ketgani ehtimolini ham tan olmoqda.

Ammo, ularga ko‘ra, uchoqlari xalqaro hududda bo‘lgan.

Turkiya hozir NATO tashkiloti doirasida maslahatlashish huquqidan foydalanmoqchi.

Lekin, rasmiy Anqaraning ochiqchasiga bayon qilishicha, Suriyaga qarshi biror bir harbiy amaliyotga qo‘l urish niyati yo‘q.

Ular ikki o‘rtadagi tanglikni diplomatik yo‘llar bilan hal etish istagida ekanliklarini aytishmoqda.

Biroq Suriya uchoqni urib tushirgan. Va bu Suriyadagi beqarorlikning mintaqaga osonlik bilan yoyilib ketish xavfini kuchaytirmoqda.

Yaqinda qo‘shni Livanda zo‘ravonliklar ro‘y bergandi.

Turkiya uchog‘i bilan bo‘lgan hodisa mintaqadagi boshqa mamlakatlar ham mojaroga qo‘shilib ketishlari mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Buning oqibatlari esa, jiddiyroq bo‘lishi mumkin.

Yangi tartib-qoida

Qiruvchi uchog‘ining urib tushirilishi ortidan, Turkiya harbiy tartib-qoidalarini o‘zgartirgan.

Turkiya Bosh vazirining aytishicha, endi Suriya qo‘shinlari o‘z chegaralariga yaqinlashishsa, bu harbiy tahdid sifatida ko‘riladi.

Suriya poytaxti Damashqda esa, mamlakat qurolli kuchlari va isyonchilar orasida yana janglar kuzatilgan.

Muxbirlarimizga ko‘ra, millionlab suriyaliklar o‘zlari istamagan va kun sayin olovlanib borayotgan zo‘ravonliklar girdobida qolishmoqda.