Qozog‘iston: Xitoy bilan chegara postidan qochgan askarlar topildi

Published

Qozog‘iston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasining bildirishicha, Xitoy bilan o‘zaro chegaradagi sharqiy Tersayrik postidan bedarak ketgan 11 askarni topishga muvaffaq bo‘lishgan.

Chegara xizmatining bildirishicha, ular chegara postidan 18 chaqirim uzoqlikda bo‘lishgan va hozir "Shig‘iz" chegara bo‘linmasiga olib kelinmoqda.

Ular kecha tongda chegara postini tashlab ketishgani xabar berilgandi.

Ayon bo‘lishicha, askarlar shartnoma asosida o‘tgan yil noyabr oyida xizmatga yollangan bo‘lishgan.

"Postni tashlab ketgan chegarachilar xizmatga yangi olinganlar bo‘lgan. Ushbu postda yana qancha askar xizmat qilganini davlat siri bo‘lgani uchun ayta olmaymiz", - deydi Qozog‘iston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi Chegara xizmati matbuot kotibi Larisa Dmitryuk.

Chegara postini esa, qurol-yarog‘siz va hech kimning ruxsatisiz tashlab ketishgan.

Yuz bergan hodisadan xabar topgach, chegara bo‘linmasi rahbariyati ularni o‘zlari qidirib topmoqchi bo‘lishgan.

Favqulodda qo‘mondonlikni faqat kechga borib ushbu voqeadan xabardor etishgan.

Mas‘ullar ilgari surayotgan dastlabki taxminlarga ko‘ra, askarlarni bu ishga ichki nizolar "dedovshina") undagan bo‘lishi mumkin.

Hozir davlat chegarasining ushbu qismini nazorat etish uchun qo‘shimcha chegara bo‘linmalari jalb etilgan.

Hodisa sathida esa, chegara xizmati qo‘mondonligi, harbiy prokuratura idorasi, ichki ishlar va milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakillari teshiruv ishlarini olib borishmoqda.

Harbiy prokuratura idorasi allaqachon ro‘y bergan voqea yuzasidan jinoiy ish ham ochgan.

Bu - nimaga dalolat qiladi?

Qozog‘iston armiyasida bu kabi hodisalar ilk marotaba kuzatilayotgani yo‘q.

Bungacha ichki nizolar sabab askarlarning xizmatdan qochish hollari bo‘lgan.

Qozog‘istonlik harbiy tahlilchi Daulet Jumabekov bu kabi hodisalar armiyadagi muammolardan darak berishini aytadi.

“Askarlarning qochib ketishi yoki bir birini otishi harbiy xizmatda dedovshinaning keng yoyilganidan darak beradi. Bir tomondan dedovshina bo‘lsa, ikkinchi tomondan qo‘mondonlarning malakasizligidir”, - deydi Daulet Jumali.

28 may kuni Xitoy bilan chegaradagi janubiy-sharqiy chegara postida bir ovchi va 14 nafar chegara xizmatchisi o‘ldirib ketilgandi.

Ularni o‘z xizmatdoshi Vladislav Chelax o‘ldirgani va u o‘z aybiga iqror bo‘lgani xabar berilgandi.

O‘sha hodisada ham bunga xizmatdoshlari bilan “orani ochdi qilib olish” niyati sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan faraz ilgari surilgandi.

Ammo omon qolgan chegarachiga qarshi hali biror bir ayblov rasman ilgari surilmagan va tekshiruv ishlari davom etmoqda.

Qozog‘iston Xitoy bilan 1530 kilometrlik umumiy chegaralarga ega.

Mutaxassislarga ko‘ra, aynan Xitoy bilan chegarada bu kabi hodisalarning bo‘lishi ushbu chegaraning uzunligi va o‘zgacha mas‘uliyat bilan qo‘riqlanishiga bog‘liq.

"Ushbu hodisalar shundan darak beradiki, bizning Xitoy bilan chegaralarimiz ancha uzun. Qozog‘istonning quruqlikdagi eng uzun chegarasi Rossiya bilan o‘tgan, ammo u yerda chegara xizmati ushbu sarhadlarni qo‘riqlamaydi. Qo‘riqlanadigan eng uzun chegaramiz bu Xitoyga to‘g‘ri keladi. Gap bu yerda Xitoyning ta‘siri haqida borayotgani yo‘q, shunchaki bizning ko‘plab chegara otryadlarimiz Xitoy chegarasida turishadi", - deydi harbiy tahlilchi Daulet Jumabekov.

Qozog‘iston Markaziy Osiyoning eng barqaror mamlakatlaridan sanaladi.

Lekin bu mamlakatda jinoiy to‘dalar faolligi haqida ham turli fikrlar bor.

O‘tgan yili Qozog‘istonda qator zo‘ravonlik hollari ro‘y bergan va mamlakat rasmiylari bu ishlarda islomiy jangarilarni ayblashgandi.