Pokistonda "bin Lodinning shifokori" qamalgan

Davlatga xiyonat qilganlikda ayblangan doktor Afrodiy 33 yil qamoqda o‘tirishi mumkin
Сурат тагсўзи, Davlatga xiyonat qilganlikda ayblangan doktor Afrodiy 33 yil qamoqda o‘tirishi mumkin
Published

Amerika Pokistondan doktor Shoqil Afrodiyni ozod qilishni so‘ragan.

Amerika davlat kotibi Xillari Klinton ham bu harakatni qoralagan.

Shuningdek, Amerika senati Federal razvedka boshqarmasiga Usama bin Lodinning qayerdaligini aytgan pokistonlik shifokorni hibsga olgani uchun Islomobodga beriladigan yillik yordam pulini 33 mln.ga qisqartirgan.

Shu hafta boshida doktor Shoqil Afrodiy AQShga "Al-Qoida" rahbarining Abbatoboddagi manzilini topishga yordam bergani uchun, davlatga xiyonat qilishda ayblanib, 30 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Amerika senatorlaridan biri Pokistonni "shizofrenik ittifoqchi" deb atagan.

Amerika senati Islomobodga yordam pulini qisqartirar ekan, Pokiston NATO qo‘shinlari yuklarini olib chiqishga yo‘l ochmasa, yana boshqa jazo choralarini qo‘llash bilan tahdid qilgan.

Doktor Shoqil Afrodiy go‘yoki kasallikka qarshi emlash bahonasida shahardagi odamlarning DNKsini olishga muvaffaq bo‘lgan va uni Amerika razvedkasiga topshirgan.

Shu yo‘l bilan bin Lodinning aniq manzili Amerika razvedkasiga ma‘lum bo‘lgani aytiladi.

2011 yilning may oyida Amerika maxsus kuchlari tomonidan Abbatobodda "birinchi raqamli terrorist" o‘ldiriladi.

Amerika senatining razvedka bo‘yicha boshlig‘i doktor Afrodiyning qamalganini "juda qayg‘uli kun" deb atagan.

Klinton xonim esa, hukmni "oqlanmagan" va "adolatsiz", deya baholagan.

Bin Lodin yashagan uyga hujum amaliyoti va uni o‘ldirilishi Vashington va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlarni sovuqlashtirgan.

Yirik terroristik tarmoq rahbari besh yil davomida qanday qilib harbiy gornizon oldida bexavotir yashagani Pokiston hukumatini noqulay vaziyatga qoldirgan.

Pokiston hukumati o‘z mamlakat hududida Amerika o‘tkazgan maxfiy amaliyotni mustaqillikka dahl qilish, deb qoralagan.

Bin Lodinning o‘limidan so‘ng ko‘p o‘tmay doktor Shoqil Afrodiy Pokiston kuchlari tomonidan hibsga olingan.

Pokiston hukumati har qanday davlat o‘z fuqarosining boshqa mamlakat razvedkasi bilan maxfiy aloqasini bilgach, shunday yo‘l tutishini aytgan.

Doktor Afrodiy ishi Haybar viloyatining shariat mahkamasida ko‘rilgan.

Unga 30 yillik qamoq jazosi bilan birga 3500 AQSh dollari miqdorida jarima ham belgilangan.

Agar bu pulni to‘lamasa, unga yana uch yillik qamoq muddati qo‘shiladi.

Doktor Afrodiy mahkama jarayoniga olib kelinmagan.

O‘tgan yilning iyun oyida Pokiston kuchlari Amerika razvedkasiga yordam bergan bir necha kishini hibsga olgan.

Ular Amerika tikuchariga yoqilg‘i quyish va uchuvchiga olov yoqib manzilni topishga yordam berganlikda ayblanishgan.

Shuningdek, doktor Afrodiy ham Abbotobodda kimni topishi kerakligini bilganmi yo‘qligi, Usama bin Lodinning qaysi qarindoshidan DNK analizi olgani va uning Amerikaga bergan ma‘lumotlari qanchalik muhim bo‘lganligi ham noma‘lum.

Amerika razvedkasi rejasiga ko‘ra, gepatit Vga qarshi emlash bahonasida qon olish orqali Abbotoboddagi uyda yashayotgan bolalarning Usama bin Lodinga qarindoshchiligini aniqlash lozim bo‘lgan.