Ramzan Qodirovning xotini "Yaqin Sharqni zabt etmoqchi"

Сурат манбаси, AFP
Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirovning rafiqasi asos solgan "Firdavs" Modalar uyi Dubayda o‘zining yangi islomiy liboslar kollektsiyasini namoyish etgan.
Medni Qodirovaning aytishicha, Dubaydagi kiyimlar namoyishi "Yaqin Sharq modalar dunyosini zabt etish yo‘lidagi ilk qadamlari"dir.
"Firdavs" Modalar uyi shu paytgacha hech qachon o‘z liboslarini xorijliklar ixtiyoriga havola etmagan.
Yangi kollektsiya "Checheniston xonimi", deb nomlanadi.
Undan faqat muslimalarga mo‘ljallangan yetmishga yaqin kundalik, bayramona va to‘y liboslari o‘rin olgan.
"Russkiye Emiraty" web sahifasining xabar berishicha, Medni xonimning Modalar uyi tez orada Saudiya Arabistonida ham o‘z islomiy liboslarini namoyish etmoqchi.
Uning prezident turmush o‘rtog‘i esa, 2004 yildan o‘tgan yil oxirlariga qadar Chechenistonning "Terek" futbol klubiga prezidentlik qilgan.
Liboslar dizayneri
"Firdavs" 2009 yilda Checheniston poytaxti Groznyda o‘z faoliyatini boshlagan.
Uning ochilishiga chechen prezidenti xotinining o‘zi shaxsan bosh-qosh bo‘lgan.
31 yoshli Medni xonim yetti bolaning onasi.
Ammo uning Modalar uyi namoyish etayotgan liboslar boshqa dizaynerlar tomonidan yaratilishi aytiladi.
Ayon bo‘lishicha, Chechenistonning birinchi xonimi ikki mahalliy dizayner – Zarima Yaxayeva va Zaur Mamedovlar mehnatidan foydalanadi.
Joriy paytda "Firdavs" yaratayotgan liboslarni faqatgina Checheniston poytaxtidagi butiklardan sotib olsa bo‘ladi.
Ammo Modalar uyining o‘z do‘konlarini boshqa xorijiy davlatlar, jumladan, Birlashgan Arab Amirliklarida ham ochish rejasi yo‘q emas.
"Firdavs" o‘tgan yili Moskvada modelьerlar orasida bo‘lib o‘tgan yillik xalqaro tanlovning Gran-pri sohibiga ham aylangan.
Ramzan Qodirov
Checheniston 2000 yil o‘rtalarigacha islomiy bo‘lginchilar va Rossiya xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi janglarga sahna bo‘lib kelgan.
O‘shandan buyon markazdan katta miqdorda moliyaviy yordam olishi aytiladi.
Yaqinda poytaxt Groznыy ham qayta ta‘mirdan chiqarilgan, qator osmono‘par binolar va 30.000 kishilik yangi stadion ham qurilgandi.
Chechen prezidenti o‘tgan yil oktyabr oyida katta dabdaba bilan Grozny Shahri kunini ham nishonlagandi.
Tadbirda Hollivud yulduzlari Hillari Svonk, Jan-Klod Van Damm, Kevin Kostner va mashhur skripkachi Vanessa Meylar ham qatnashishgandi.
Qator taniqli yulduzlarning Groznydagi marosimlarda ishtirok etishlari nufuzli inson huquqlarini saqlash tashkilotlarining tanqidlariga ham sabab bo‘lgandi.
Inson huquqlari faollari sobiq Chechen dala qo‘mondoni va una qarashli kuchlarni o‘z muxoliflarini o‘ldirishda ayblashadi.
Ularning aytishlaricha, Ramzan Qodirov Chechenistonni shaxsga sig‘inish madaniyati bilan o‘z qirolligiga aylantirgan.




























