Pokiston Bin Lodinning bevalarini qamoq jazosiga hukm etdi

Сурат манбаси, AFP
Usama Bin Lodin oilasining advokatiga ko‘ra, Pokistondagi mahkama uning uch nafar bevasi va ikki qizini mamlakatda noqonuniy yashashda ayblab, qirq besh kunlik qamoq jazosiga hukm qilgan.
Muhammad Amir Xalilga ko‘ra, ular hibsxonada yana ikki hafta qolishadi va keyin farzandlari bilan mamlakatdan chiqarib yuboriladi.
Advokat o‘z mijozlari qaysi mamlakatga chiqarilishi haqida hech narsa demagan.
Usama Bin Lodinning bevalari o‘tgan yil Amerika maxsus kuchlarining reydidan keyin hibsga olingandilar.
Quvg‘inda tug‘ilgan farzandlar
Usama Bin Lodin quvg‘indagi yillarida to‘rt nafar farzand ko‘rgan, bu haqda uning xotini – to‘rt farzandning onasi gapirib bergan.
Pokiston mulozimlariga ko‘ra, Amal Abdulfattah asli yamanlik bo‘lib, Usamaning kenja rafiqasi bo‘lgan.
Amal Abdufattah o‘tgan yil AQShning Islomobod yaqinidagi Usama yashagan uyga uyushtirgan maxsus reydidan keyin hibsga olingandi.
Uning aytishicha, ikki nafar farzandi davlat tug‘ruqxonalarida dunyoga kelgan.
Ammo ular tug‘ruqxonada "ikki-uch soat" qolishgan, xolos.
Bin Loden Nyu York va Vashintonga 2001 yil hujumlarini tashkillashtirganlikda ayblanadi.
Amerika uning boshi uchun 25 million dollar tikkaniga qaramay, Usama qariyb o‘n yil davomida dunyoning eng qudratli armiyasi sohibining qo‘liga tushmay yashadi.
Muhojidga yor bo‘lish orzusi

Сурат манбаси, AP
Pokistonlik tergovchilar Abdulfattah xonimni so‘roqqa tutishgan.
Ana shu so‘roqlar natijasida tayyorlangan hisobotda, Amal o‘z oilasida o‘n yetti nafar farzand bo‘lgani va u Usama Bin Lodinga turmushga chiqishining sababini "doim mujohidga yor bo‘lishni orzu qilgani" bilan izohlagan.
Amal Abdulfattah bilan birga Usamaning yana uch nafar xotini qo‘lga tushgan edi.
Amalning aytishicha, u 2000 yilda Pokistonga qochib keladi va u yerdan Afg‘onistonga safar qiladi.
2001 yil 11 sentyabr hujumlaridan avvalroq Usamaga turmushga chiqadi.
U o‘tgan o‘n yil davomida ko‘p marta ko‘chishga to‘g‘ri kelgani va Usamaning oilasi turfa mintaqalarga "tarqalib" ketgan vaqtlar bo‘lganini aytgan.
Amerika va Pokiston mulozimlari ancha yillar Usama Afg‘oniston bilan Pokiston chegaralarida, ehtimolki bir g‘orda yashayotganiga ishonib kelishardi.
2011 yilda esa Usamani Pokiston poytaxtidan uzoq bo‘lmagan kattagina uydan topishgandi.




























