Qirg‘iziston qamoqxonalarida noroziliklar davom etmoqda

- Author, To‘lqinbek Turdiboyev
- Role, BBC, Bishkek
- Published
Qirg‘iziston qamoqxonalarida norozilik amallari davom etar ekan, qariyb 400 mahbus o‘z lablarini ignayu ip bilan tikib tashlashgan.
Ular qamoqxonadagi shart-sharoitlar yaxshilanishini talab qilishmoqda.
Qirg‘izistonda rasmiylar "ommaviy tartibsizlik" deya ta‘riflayotgan mahbuslar norozilik namoyishlari bir hafta oldin boshlangan, ayni paytda ham qisman davom etmoqda.
Hukumat mulozimlarining bildirishicha, mahbuslarning mazkur ommaviy tadbirlariga bog‘liq to‘qnashuvlar mobaynida yetti mahbus va besh nafar ichki ishlar noziri jarohatlangan.
"Noroziliklarni uyushtirayotganlar jinoyatchilar rahbarlari"
Qariyb 400 nafar mahbus o‘z lablarini tikib qo‘yganlari borasida Jazoni ijro etish davlat xizmati boshlig‘i Sheyshenbek Bayzakov ma‘lum qilgan.
Ammo, Jazoni o‘tash idorasi matbuot xizmati bergan so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, qamoqxonalarda ayni shu shaklda norozilik bildirayotganlar soni 1200dan ortgan.
Favqulodda Qirg‘iziston parlamentiga chaqirilgan General Sheyshenbek Bayzakov davlat mahkumlarning noqonuniy talablari hech qachon qondirmasligini aytgan.
Jazoni ijro etish davlat xizmati rahbarining bildirishicha, hibsxonalardagi so‘nggi ommaviy tartibsizliklar jinoiy doira rahbarlari tomonidan uyushtirilgan.
Mulozimning aytishicha, jinoyatchilar qamoqxonalarda o‘zlari xohlagandek faoliyat yuritishga intilishmoqda.
"Lekin, yuzlab emas, mahbuslarning barchasi og‘izlarini tikib qo‘ygan taqdirda ham, biz bunday tartibsizliklarga yo‘l qo‘ymaymiz", deydi General Bayzakov.
Jazoni ijro etish xizmati zobiti Asilbek Chekirovga ko‘ra, bir hafta oldin sodir etilgan tartibsizlikga bog‘lik bir necha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan:
- Prokuratura tomonidan Qirg‘iziston Jinoyat Kodeksining jami to‘rtta moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ta‘kidlab aytadigan bo‘lsam, bu "qamoq joylaridagi qonuniy talablarga to‘sqinlik qilish, bezorilik, ommaviy tartibsizlik uyushtirish va giyohvand moddalarni noqonuniy yetkazish" ayblovlari, - deydi Mayor Chekirov.
"Talablar asossiz emas"
Ammo, Qirg‘iziston ombudsmeni vakili Kamaldin Japarov mahbuslarning barcha talablari ham noqonuniy bo‘lmagani, ko‘p vaqtdan beri da‘vo qilinayotgan talablarda jiddiy asoslar bor ekanligi haqida aytgan.
- Mana, biz ko‘plab hibsxonalar, qamoqxonalarni nazorat qilib, kuzatib chiqdik. Ularning binolari aksariyati juda eskirib ketgan, yo‘q deganda o‘ttiz yildan buyon ta‘mirlanmagan. Xonalari juda sovuq, ichimlik toza suv kam, ichkarida yuvinish uchun issiq suv mutlaqo yo‘q. Ba‘zi qamoq joylarida haligacha eski davrdagi isitish qurilmalaridan "pechka"lardan foydalaniladi. Shu sababdan ham, mahbuslarning talablari qisman bo‘lsa - da asosli, - dedi Qirg‘iziston ombudsmeni vakili Kamaldin Japarov.
Hukumat mulozimlari, mahbuslar jamoalari va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida erishilgan kelishuvga muvofiq mahkumlarning yaqinlari ularni istagan paytda kelib, jazoni o‘tash joylaridagi shart-sharoitlar bilan tanishish va suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak.
Hamda avval qilingan shikoyatlar hisobga olinib, mahbuslarga yaqinlari keltiradigan oziq-ovqatlar uch marta ro‘yxatga olinadi. Shu orqali o‘sha oziq-ovqatlar mahbuslarga o‘zlarini aniq yetib borishiga erishilishi ko‘zda tutilgan.
Mahbuslar norozilik namoyishlari bir hafta oldin boshlangandi. Mazkur hodisalar bilan bog‘liq to‘qnashuvlarda bir mahbus hayotdan ko‘z yumgan, yetti mahbus va besh nafar ichki ishlar noziri jarohatlangan.
Huquq himoyachilari mahbus huquq-tartibot xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida nobud bo‘lganini aytishadi.
Jazoni o‘tash idorasi mulozimlari esa, mazkur o‘lim holini marhumning avvaldan xasta bo‘lgani va giyohvand moddalar qo‘llagani bilan izohlashgan.





























