Toshkentda Facebook orqali bola sotildimi?

Сурат манбаси, Facebook/Ya-MAMA!
Oʻzbekistonlik yosh onalar orasida mashhur boʻlgan va Toshkentdan yuritiluvchi Facebookdagi "Ya-MAMA!" guruhida paydo boʻlgan eʼlon koʻplarni larzaga soldi. Unda endigina dunyoga kelgan chaqaloq qizchaning boshqa oilaga berilishi aytiladi.
Reklama muallifi moderatorlardan oʻz ismi-sharifi berilmasligini va chaqaloqni asrab olishni qiziqqanlar post ostida sharh yozib qoldirishlarini soʻraydi.
"Salom, iltimos, anonim tarzda nashr qiling. Bugun tanishim juda chiroyli qizcha tugʻdi. Lekin, taqdir shunday ekan, boladan voz kechishga toʻgʻri keladi. Iltimos, toʻgʻri tushuninglar. Balki, chaqaloqni asrab olishni istagan oilalar bordir? Post tagida yozib qoldiring, men sizga oʻzim yozaman", deyiladi bu postda.
2011 yilda Toshkentda asos solingan bu guruhning aʼzolari qariyb 25 ming kishini tashkil qiladi. Unda onalikka oid har xil mavzular muhokamaga oshiriladi.
Mazkur eʼlon ostiga 100dan oshiq kishi sharhlar qoldirdi. Ular orasida qizaloqni asrab olishga qiziqqanlar koʻp edi. Jumladan:

Сурат манбаси, Facebook/Ya-MAMA!
"Menga yozing! Men qizli boʻlishni orzu qilaman!!!"
"Menga lichkaga yozing".
"Menda goʻdakni olishga qodir badavlat oila bor!"
"Menga yozing, tanishlarim xohlayapti".
"Menga ham yozing".
Ammo, guruh foydalanuvchilari orasida mazkur eʼlonni qoralaganlar va uning qanchalar qonuniy ekanini savol ostiga olganlar ham boʻldi.
"Men shokdaman. Odamlar jinni boʻlganmi, oʻz bolasini Facebookdan berib?"
"Har narsani koʻrganman, lekin bolaga internet orqali ota-ona qidirishni?
"Koʻppakni yo mushukchani sotayotgandek. Odamlar, oʻzlaringga kelinglar!"
"Bunday eʼlon berib ish bitirib boʻlar ekanmi? Bu axir tanish-bilishlar orqali, ancha pul evaziga qilinadi".
"Bu qonunga zid! Agar bola kerak boʻlmasa, avvaliga undan voz kechish arizasi yoziladi. Keyin hukumatning oʻzi unga oila topadi yoki bolalar uyiga topshiradi. Tuqqan ota-onaning buni hal qilishga haqqi yoʻq", - deydi yana bir guruh aʼzosi.
Qonun nima deydi?
BBC mazkur eʼlon boʻyicha, "Ya-MAMA!" guruhi moderatorlariga bogʻlandi.
Moderatorlar BBCga post muallifi bilan bog'lanishga ko'maklashdilar.
Post muallifi esa BBCga barcha ishlar yurist ishtirokida amalga oshirilayotganini bildirdi.
Oʻz ismini oshkor qilmaslikni soʻragan toshkentlik ginekologning BBCga aytishicha, eʼlon muallifi va guruh moderatorlari bu eʼlonni internetda chop qilish bilan bilvosita yoki bevosita jinoyat sodir etayotgan boʻlishi mumkin.
"Oʻzbekistonda oʻz bolasidan voz kechayotgan ona yoki u oila aʼzolari oʻzboshimchalik bilan bu goʻdak taqdirini hal qila olmaydi! Oʻzbekiston qonunchiligida xususiy tarzda oʻz farzandini topshirishni reklama qilish umuman mumkinmas. Bunday post odam savdosiga teng boʻlishi mumkin", - deydi shifokor.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 151-moddasiga binoan, farzand asrab olish jarayoni potentsial ota-onaning arizasi asosida, mahalliy vasiylik va homiylik organlari ishtiroki bilan, bolaning manfaatlari hisobga olingan holda sudlar orqali amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 2851-moddasiga binoan, farzand asrab olishni istagan shaxslar bolaning turar joyiga qarab fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman va shahar sudlariga ariza bilan murojaat qilishlari koʻzda tutiladi.
Shifokorning aytishicha, bola asrab olish istagida boʻlgan oilalar oʻzlari roʻyxatdan oʻtgan tuman yoki shaharning Vasiylik va homiylik idoralariga murojaat qilishlari kerak.
Murojaatlari qabul qilingach, arizachi ota yoki ona boʻlishga qanchalar loyiqligi qonunga binoan tekshiriladi va ular navbatga qoʻyiladi.
Shifokorga koʻra, mazkur jarayon bir necha oy va hatto yilga choʻzilishi mumkin.
"Mana shu jarayon baʼzilar uchun mujmal koʻringani uchun, sabr-toqati boʻlmagan ota-onalar noqonuniy tarzda ham bola topishga urinadilar. Chunki, xalq nima deyishidan qoʻrqadigan baʼzi onalar yosh boʻlgani uchun yashirin holda uylarida bolasini tugʻib, darrov voz kechishga urinadi va shunda tanish-bilishchilik yoki katta pul evaziga bola kimlargadir sotiladi. Lekin, bu katta jinoyat. Bu chaqaloqni rasmiylashtirishga aralashgan idoralar ham jinoyatga qoʻl urayotgan boʻlishi mumkin", - deydi u.

Сурат манбаси, Facebook/Ya-MAMA!
Bola topshirildimi?
Hozirda chaqaloq qizcha haqidagi post yopilgan.
"Ya-MAMA!" guruhi moderatorlari post ostiga mazkur eʼlon muallifidan kelgan oxirgi yozuvni qoʻyishdi.
Unda quyidagilar yozilgan:
"Muallifdan: Men bir oila bilan bogʻlandim, ertaga tugʻruqxonada yurist bilan uchrashishadi. Postni yopsanglar boʻladimi, bunday sharhlarni oʻqish juda hafa qiladi. Odamlar bunchalar yovuz".
BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
































