O'zbek tili davlat tiliga aylandimi?

Сурат манбаси, courtesy
- Author, Saida Chaqar
- Role, Tilshunos
- Published
O'zbek tili rasman davlat tili maqomini olganiga 27 yil to'ldi. 1989 yil 21 oktyabr kuni O'zSSR Oliy Soveti "O'zSSRning davlat tili haqida"gi qonunni qabul qilgan edi.
Ushbu tarixiy voqea O'zbekistondagi rasmiy targ'ibot tomonidan mamlakatning SSSRdan mustaqilligi yo'lida qo'yilgan dastlabki jiddiy qadam, deb tilga olinadi va keng tantana qilinadi.
30 moddadan iborat bu hujjat "til millatning boyligi va bebaho mulki" ekanini tan olgan.
Qonun o'zbek tili butun O'zbekiston bo'yicha davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslarini belgilab, ish yuritishda, davlat organlariga murojaat qilishda o'zbek tilining mavqeini birinchi o'ringa olib chiqqan.
Ayni chog'da, SSSR qudratda bo'lgan vaqtda yozilgan bu qonunda o'zbek tilining mavqei rus tili bilan teng kelgan o'rinlar ham bor edi, ko'p qatorlarda rus tili "millatlararo muomala tili" deb ehtiyotkorona niqoblangan.
Boz ustiga, ba'zi tashkilotlarda, masalan, O'zbekiston hududidagi harbiy qismlarda o'zbek tilining amalda bo'lmasligi qonunning o'zida yozib qo'yilgandi.
O'zbekiston mustaqillikni qo'lga kiritganidan so'ng, 1995 yili davlat tili haqidagi bosh hujjat yangilandi. Qonun matni ham, moddalar soni ham qisqardi, undagi "rus tili" va "millatlararo muomala tili" birikmalarining har biri bir donagacha kamaydi.
Biroq yangi qonun ham taajjubli jihatlardan holi bo'la olmadi.
Masalan, qonunning davlat organlarida ish hamda korxona-tashkilotlarda hisob-kitob, statistika hujjatlarini yuritish o'zbek tilida bo'lishi lozimligi haqidagi talablari 1995 yildan emas, balki o'n yildan so'ng kuchga kirishi Oliy Majlis tomonidan hujjatlashtirib qo'yildi.
Oradan o'n emas, yigirma yil ham o'tdi - qonunning bu talablari hozir ham to'liq bajarilmayapti: O'zbekistondagi deyarli barcha shirkatlar rasmiy hisob-kitobni rus tilida yuritadi, ko'pincha hukumatning muhim qarorlari faqat rus tilida e'lon qilinadi, qaror ilovalarining o'zbekcha tarjimalari rasmiy manbalarda ham chiqmaydi. Bu - qonundagi bajarilmayotgan talablarning bir qismi, xolos.
Islom Karimov tomonidan imzolangan 1995 yilgi qonunda davlat tili haqidagi yangi hujjat zarurati sabablaridan biri sifatida "lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga mukammal o'tishni ta'minlash" zikr etilgan.
Tilning ajralmas bo'lagi sifatida, o'zbek yozuvi ham o'zinig sertashvish ekani bilan e'tiborni tortadi.
"Eng xunuk lotin alifbosi"
O'zbekiston rahbariyati mustaqillikka roppa-rosa ikki yil to'lganidan bir kun o'tib, lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini joriy etish to'g'risidagi qonunni qabul qilgan.
Qonun "o'zbek yozuvining lotin alifbosiga o'tilgan 1929-1940 yillardagi ijobiy tajribasidan kelib chiqib, keng jamoatchilik vakillari bildirgan istak-xohishlarini inobatga olgan holda" O'zbekistonning har taraflama kamol topishi va "jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini jadallashtiruvchi qulay sharoit yaratishiga xizmat qilishi"ni ko'zlab qabul qilingan.
Lotin yozuviga o'tish haqidagi qonunning ketidan O'zbekiston parlamentining tegishli qarori ham e'lon qilingan. Bir necha bor, lekin odatda bir sabab bilan tahrirlangan bu qarorning oxirgi - 2004 yilgi namunasida yangi alifboga to'liq o'tishning so'nggi sanasi qilib 2010 yil 1 sentyabr ko'rsatilgan, bunda bosh mas'ul qilib bosh vazir belgilangan. Lekin parlament qarori ijrosi hali ham ta'minlangan emas.
1993 yilgi o'zbek lotin alifbosi turk alifbosining aynan nusxasi edi, deyish mumkin. Oradan ikki yil o'tib, qonun tahrirlandi, alifbo o'zgardi - "ts" va (jiradagi) "j" alifbodan chiqarildi, 1993 yil alifbosida bir harf belgi ko'rinishida bo'lgan "ch", "sh" va "ng" "ch", "sh", "ng" kabi harflar birikmasi paydo bo'ldi, bitta belgidan iborat bo'lgan "o'" va "g'" endi yoniga alohida apostrof ham yoziladigan "o" va "g"ga aylandi.
21 yil avvalgi mana shu o'zgarishlar bugungi tilshunoslar, xattotlar, tarjimonlar hamda yozuv va til taqdiriga befarq bo'lmagan kishilar uchun haqiqiy boshog'riqqa aylangan, mamlakatning jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini sekinlashtiruvchi omillardan deb ham aytiladi.
"Dasturiy mahsulotlarni tarjima qilishda O' va G' harflari hamda tutuq belgisi yaratayotgan muammolar tiqilib yotibdi. O' va G' harflaridagi teskari bir tirnoq belgisi so'zni ikkiga bo'lib yuboradi. O'zbekistonda degan so'zni indekslaganda o-zbekistonda bo'ladi. Dunyodagi hech qaysi alifboda bunday holat, ya'ni alifbodagi harfda tinich belgisi yo'q", - deb yozadi Hamza Foziljonov Feysbukdagi munozaralarning birida.
"Alifbo mukammal bo'lmay turib, unga asoslangan yozuvni mukammal qilib bo'lmaydi. Ishni alifboni takomillashtirish, uni xatoliklardan tozalashdan boshlash kerak", - deb yozgan foziljonov.uz blogi o'zbek lotin alifbosi ustidan internetda bo'lgan jonli munozaralarni birma-bir sanab chiqqan.
Munozara mavzulari orasida qisqartmalarni ishlatish vaqtida "sh" va "ch" harf birikmalari mutlaqo noqobil bo'lishi ("AQSh"mi yoki "AQSH"? Ikkinchisi to'rt harfli qisqartma bo'lsa-chi?"), lotincha " o' " va " g' " harflarini ifodalash uchun qaysi belgini ishlatish kerakligi (apostrof, okina yoki teskari bir tirnoq?), FHDYo, AYoQSh, YaIM kabi qisqartmalar lotinda bitta "y" bilan (FHDY, AYQSh, YIM) yozilishi to'g'rimi yoki "ya", "yo", "yu" bo'lib (FHDYo, AYoQSh, YaIM) turfalanishi kerakmi?, kabilari bor.
"Sentabr" yoki "sentyabr"?
Munozaralar orasida huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdievning "Qaysi biri to'g'ri: "sentabr" yoki "sentyabr"?" sarlavhali chiqishi bor. U 2013 yilda Fanlar akademiyasi qoshidagi Til va adabiyot instituti tomonidan chop etilgan 85 mingdan ortiq so'zdan iborat "O'zbek tilining imlo lug'ati"da bahs mavzusiga aylangan kuz faslidagi oylar nomi "sentabr", "oktabr" emas, balki "sentyabr", "oktyabr" ko'rinishida yozilganiga diqqatni tortgan.
Lug'at mualliflari "institutning yetakchi tilshunoslari bilan maslahatlashgan holda", rus tili orqali kirib kelgan va tarkibida "yo", "yu" va "ya" harflari bo'lgan ruscha va baynalmilal so'zlarni barcha o'rinlarda bir xil, ya'ni "yo", "yu", "ya" harflari bilan yozishni va shu orqali sohadagi harxillikni bartaraf etishni eng maqbul yo'l deb hisoblaganini bildirgan.
"Barcha so'zlar bir qolipga keltirilgan bo'lsa, bu shubhasiz foydali ish. Ammo mazkur o'zgartirishlarning huquqiy asosi bormi? O'zi o'zbek tilining imlosidagi qat'iy qoidalarni davlat darajasida ishlab chiqadigan hamda e'lon qiladigan biron tashkilot bormi? 15-16 yil sentabr deyishdi. Xalq endi ushbu qoidaga ko'nikkan, shu qoidaga amal qila boshlagan paytda, bir guruh tilshunoslar sentyabr xulosasiga kelishib, katta hajmda va ko'p bosmada imlo lug'ati chop etishdi. Balkim 5-6 yil o'tib Til va adabiyot institutiga yangi tilshunoslar guruhi ishga kirsa, yana sentabr variantini qo'llab-quvvatlashsa, nima qilamiz?", - deb bu holatga e'tiroz bildiradi Xushnudbek Xudoyberdiev.
Munozaraga o'zini mazkur lug'atning noshiri sifatida tanishtirgan Sanjar Nazar ham qo'shilgan: "Qabul qilingan imlo qoidalarida "sentyabr" "sentabr" shaklida yozilishiga asos bo'ladigan birorta ham qoida mavjud emas. Mutlaqo boshqa harfning imlosi haqida yoza turib, "sentabr" qo'llangan, xolos. Agar bu o'zgarishning ostida ilmiy printsip mavjud bo'lsa, uni bemalol qabul qilish mumkin. Ya'ni, yangi imlodan e'tiboran barcha so'zlar talaffuz qilinganidek yozilsa. Masalan, "istansa", "istakan", "moshin".
"Ts" harfi bilan bog'liq muammo ham alohida bahs mavzusiga aylangan. Fikr bildiruvchilarning aksariyati "tsex" so'zining lotincha ko'rinishi ("sex")ni ko'rganida, xayoli buzilishini yozgan. E'tiborli tomoni, 85 ming so'zlik lug'atning mualliflari o'zbek lotin alifbosi ishlab chiquvchilari bu masalaga jiddiy qaramagani, "ts" harfi ishtirokidagi umumma'lum 3-4 so'z bilan shoshilinch xulosa chiqarilganini bildirib, o'zbek tiliga boshqa tillardan kirib, "ts" o'rniga "s" bilan yozilsa, o'zga ma'no anglatuvchi so'zlardan misollar keltirgan ("tsanga - sanga", "tseriy - seriy", "tsokol - sokol" va h.k.).
Bu kabi bahs-munozaralardan charchagan Azam A. Kamalov shunday dardihol qilgan: "Hamma ayb - shu alifboni tuzganlarda. Menimcha, hozirgi o'zbek lotin alifbosi dunyodagi eng xunuk lotin alifbosi bo'lsa kerak: na krossvordga yaraydi, na abbreviaturaga".
"Navoiyni o'qigan bolalar"
O'zbekiston matbuotida Davlat tili kuni munosabati bilan o'zbek tili haqida maxsus chiqishlar uyushtirish, maqolalar e'lon qilish 1989 yildan beri odat. Jumladan, davlat homiyligidagi "Oila davrasida" gazetasida yangi tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi O'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov bilan til va yozuv muammolariga bag'ishlangan katta suhbat chop etilgan.
Rektor yangi universitet faoliyati, Navoiy asarlarini o'qish uchun nima uchun lug'at zarurligi, ko'cha-ko'ydagi reklamalarda, idoralararo yozishmalarda qo'pol xatolar ko'zga tushishiyu, bunga qanday chora ko'rish kerakligi haqida berilgan savollarga birma-bir javob bergan. Savollar orasida lotin alifbosidagi kamchiliklar ham tilga olingan.
Shuhrat Sirojiddinov O'zbekistonda "Davlat tili haqida"gi qonunga amal qilinishini nazorat etuvchi tashkilot yo'qligini afsus bilan qayd etib, "til me'yorlarini buzganlarni javobgarlikka tortadigan bo'limlar tashkil etish vaqti kelgani"ni aytib o'tgan.
Til va adabiyot universiteti rektori alifboda "ng", "ts" tovushlari uchun maxsus harf berilmagani, jurnal, jirafa kabi o'zlashma so'zlardagi "j" tovushini yangi alifboda ifoda etish imkoni yo'qligi, ba'zi so'zlar kirill va lotin imlosida ikki xil yozilishi borasida fikr bildirgan.
"Bu savod chiqarayotgan o'quvchilarda noqulaylik tug'dirmoqda", - degan Shuhrat Sirojiddinov. Unga ko'ra, "ng"ni bildiruvchi bir harf yo'qligi sabab o'quvchilar den-giz, ko'n-gil ko'rinishida xato bo'g'in ko'chirmoqda, "biotsikl", "biotsentr" kabi o'zlashma so'zlarni "biot-sikl", "biot-sentr" kabi talaffuz qilmoqda.
"Amaldagi alifboga asoslangan imlo qoidalarimizni qayta ishlab chiqish muhim va ayni kunda zaruriy ehtiyoj hisoblanadi. Universitetimizda tuzilgan maxsus ishchi guruh shunday takliflarni tayyorlash borasida ish olib bormoqda. Milliy talaffuzimizda kelib chiqqan holda imlo qoidalariga "ts" undoshi bilan bog'liq o'zgartirish kiritilishi rejalashtirilgan", - deydi Shuhrat Sirojiddinov.
O'zbekiston bilan bir vaqtda imlosini kirilldan lotinga o'zgartirgan Qoraqalpog'iston 2009 yili o'z lotin alifbosini isloh qilib, jumladan, unga "ts" harfini kiritgan.
Mustaqillikdan keyin O'zbekiston kabi lotin alifbosiga o'tish yo'lini tutgan Ozarbayjon va Turkmanistonda bu jarayon o'tgan asrning oxiridayoq yakuniga yetgan.
- BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
- TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
- Instagram - BBC UZBEK
- Twitter - BBC UZBEK
- Odnoklassniki - BBC UZBEK
- Facebook - BBC UZBEK
- Google+ - BBC UZBEK
- YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
- Skype - uzbekbbclondon
- bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring































