Qozog‘istonning Atirau shahrida ikki portlash ro‘y bergan

Сурат манбаси, Aq Jayiq
- Author, Shodiyor Saif
- Role, BBC, Olma-ota
- Published
Qozog‘iston g‘arbidagi Atirau shahrida ketma-ket ikki portlash ro‘y bergan.
Kuchli bo‘lgan bu portlashlarning ikkinchisi xudkushlik amaliyoti bo‘lgani aytilmoqda.
Xudkushlik sodir etgan odamdan boshqa insoniy talofatlar va jarohatlanganlar yo‘q.
Hukumat idoralarining yaqinida sodir bo‘lgan ushbu portlashlar yuzasidan jinoiy ish ochildi.
Bu Qozog‘isonda so‘nggi vaqtlarda sodir etilgan ikkinchi xudkushlik amaliyotidir.
Mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 9.30 da viloyat hokimligi binosi yonida birinchi portlash ro‘y bergan.
Hokimiyat binosi oldidagi axlat qutisiga tashlab ketilgan portlovchi moslama portlashidan hech kim jarohatlanmagan.
Portlash kuchli bo‘lganligi sabab uning ovozi voqea joyidan uzoqda bo‘lganlarga ham eshitilgan.
Oradan besh daqiqalar o‘tganidan keyin viloyat prokuraturasidan uncha uzoq bo‘lmagan aholi yashaydigan uy yonida ikkinchi portlash sodir bo‘lgan.
Ushbu portlashning xudkushlik amaliyoti ekani aytilmoqda.
"Prokuratura ushbu portlashning xudkushlik ekanligini tasdiqladi. Noma‘lum shaxs noma‘lum moslama bilan portlash sodir etgan. Portlash uyning orqa tomonida bo‘lgan. Prokuratura tomonda emas, balki prokuraturaning qarshisidagi uyning orqa tomonida bo‘ldi. Ushbu uyning yerto‘lasiga kiradigan teshik bo‘lgan. Balki u ushbu yerto‘ladan chiqqan bo‘lishi yoki yonida turgan bo‘lishi mumkin. Portlovchi moslama ishlab ketgan ham bo‘lishi mumkin. Uyning va uning atrofida boshqa uylarning oynalari singan", deb aytgan mahalliy "Aq jayiq" ro‘znomasi bosh muharriri Sobir Kairxanov.
Viloyat prokuraturasi Atirau shahrida ikkita portlash sodir etilganini va ikkinchi hodisa xudkushlik amaliyoti ekanini tasdiqladi.
Prokuratura ushbu hodisalar yuzasidan jinoiy ish ochgan.





























