Turkmanistondagi qiynoqlar Ovro‘po parlamenti yig‘inidan oldin tilga olinmoqda

Human Right Watch inson haqlarini himoya qilish tashkiloti Turkmaniston hukumatini BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi chaqiriqlariga quloq solishga chaqirgan.
Tashkilot, shuningdek, Ovro‘po Ittifoqi a‘zo davlatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlarini, rasmiy Ashxobod bilan har qanday muzokaralarga kirishdan avval BMT qiynoqlar qo‘mitasi xulosalarini hisobga olishga chaqiradi.
Bu chaqiriqlar joriy haftada Ovro‘po Parlamenti tomonidan Turkmaniston bilan Sheriklik va Hamkorlik Kelishuvi doirasidagi aloqalarni chuqurlashtirish borasida ovoz berilishidan avval yangramoqda.
BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi o‘tgan may oyida hukumatlar BMTning qiynoqlarga qarshi konventsiyasiga qanchalar amal qilayotganini aniqlash yo‘lidagi yillik tekshiruvi doirasida Turkmanistonga ham yaqindan nazar tashlagan.
O‘n nafar mustaqil ekspertlardan tashkil topgan qo‘mita Shveytsariyaning Jeneva shahrida ikki kun davom etgan uchrashuvlarda Turkmaniston hukumati vakillari bilan fikr almashgan.
Turkmanistondagi inson haqlari borasidagi vaziyat qo‘mitaning qattiq tanqidiga uchragan.
Keskin so‘zlar
O‘n uch betlik hisobotida qiynoqlar qo‘mitasi "mahbuslarning qiynoqlarga tutilishi va tahqirlanishi keng tarqalgani borasidagi muntazam ravishda yuzaga kelayotgan da‘volardan o‘ta chuqur xavotirda" ekanini aytgan.
Qo‘mita turkman hukumatini "zudlik bilan qiynoqlar va tahqirlashlarning oldini olish uchun samarali choralar ko‘rish"ga undaydi va "sezilarli darajada natijalar"ga erishishga chaqiradi.
Hisobotda qo‘llangan so‘zlar ancha keskin. Unda turkman hukumati qiynoqlarni qo‘llagan xodimlarning qonunsiz amal qilishini to‘xtatishi kerakligi, zudlik bilan xolisona tergovlar o‘tkazishi lozimligi aytiladi.
Human Right Watchning bayonotida aytilishicha, turkman hukumati BMT qiynoqlar qo‘mitasining mamlakatdagi o‘ta dahshatli qiynoqlar va boshqa tahqirlashlarni yoritgan hisobotiga quloq tutishi shart.
Human Right Watch, shuningdek, bu qadar xavotirli BMT hisoboti chiqqan bir paytda turkman hukumati bilan aloqalarni chuqurlashtirish be‘manilik bo‘lishini aytadi.
Tashkilotning Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Veronika Szente Goldstonning aytishicha, "Ovro‘po parlamenti bu fursatdan foydalanib, turkman hukumatiga har qanday aloqalar taraqqiyoti inson haqlari sohasidagi talablarning qondirilishiga bevosita bog‘liq ekanini ko‘rsatib qo‘yishi kerak".
Qiynoqlar qo‘mitasini chuqur xavotirga solgan yana bir jihatlardan biri turkman fuqarolik jamiyati faollarini qo‘rqitilishi, quvg‘in qilinishi va tahdidlarga uchrashi bo‘lgan.
Qo‘mita ikki siyosiy mahbus - Annaqurbon Amanqilichev va Sapardurdi Hojiyevlarning ozod etilishini talab qiladi. Ular 2006 yilda qamalgunga qadar xalqaro inson haqlari tashkilotlari bilan hamkorlik qilishgan.
Qo‘mita tilga olgan boshqa ishlar orasida ruhoniy Ilmurod Nurliyev, dissident Gulgeldi Annaniyazov, er-xotir Bozorgeldi va Oyjamol Berdiyevlar ishlar bor.
Hisobotda turkman qamoqxonalarida sodir bo‘layotgan o‘lim hollari ham yoritiladi. Ular orasida 2006 yilda qamoqxonada vafot etgan mustaqil jurnalist Og‘ulsapar Muradovaning ishi ham tilga olingan.
Qiynoqlar qo‘mitasi zudlik bilan Xalqaro Qizil Hoch qo‘mitasiga turkman qamoqxonalariga yo‘l ochib berishni so‘raydi.





























