Qirg‘iziston prezidenti 'Yilning eng buyuk ayollari' ro‘yxatida

Published

Amerikada chop etiluvchi nufuzli Glamour jurnali Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyevani "Yilning eng buyuk ayollari" ro‘yxatiga kiritgan.

Xalqaro jurnalning ro‘yxatidan jami 18 davlatning ayol rahbarlari o‘rin olgan.

Ularning orasida yana Olmoniya kantsleri Angela Merkel, Argentina, Liberiya, Kosta Rika prezidentlari, Slovakiya, Bangladesh, Avstraliya Bosh vazirlari va yana boshqa ayol liderlar bor.

Jurnal ro‘yxatdagi rahbarlarni, "Dunyoning eng buyuk ayollari," deb atagan.

"1990 yildan boshlab, dunyoda ayol liderlarning soni ikki barobariga ortdi. Xudoga shukrlar bo‘lsin, chunki ayol rahbarlar tarix g‘ildiragini nafaqat dunyo aholisining nozik qatlami, balki hammamiz uchun ham o‘zgartirishadi," deb yozadi Glamour.

Glamour jurnali 1939 yildan boshlab chop etib kelinadi.

Jurnal Amerikaning o‘zida 2.5 millionga yaqin o‘quvchisiga ega.

Glamourni butun dunyo bo‘ylab oyiga 12 million kishi o‘qiydi.

Jurnal, shuningdek, Buyuk Britaniya, AQSh, Frantsiya, Italiya, Olmoniya, Ispaniya, Rossiya, Yunoniston, Hollandiya, Polьsha, Vengriya, Ruminiya, Lotin Amerikasi davlatlari va Janubiy Afrikada ham nashr etiladi.

59 yoshli diplomat Roza O‘tinboyeva shu yilning aprelida prezident Qurmanbek Bakiyevni hokimiyatdan chetlatgan hodisalar ortidan qudratga kelgandi.

Uning hokimiyatga kelishidan qisqa vaqt o‘tmay, Qirg‘iziston janubida kelib chiqqan milliy nizolarda yuzlab kishilar hayotdan ko‘z yumishgandi. Ularning aksariyati o‘zbeklar ekani aytiladi.

Ko‘plab kuzatuvchilarga ko‘ra, yuz bergan qonli hodisalarga o‘sha paytda Qirg‘izistonning muvaqqat prezidenti bo‘lgan Roza O‘tinboyevaning mamlakat janubida o‘z nazoratini o‘rnata olmagani ham sabab bo‘lgan.

Qonli zo‘ravonliklardan bir oy ham o‘tmay, Qirg‘izistonning o‘tish davri prezidenti sifatida qasamyodga keltirilgan O‘tinboyeva xonim mamlakat janubida yuz bergan qonli fojea oqibatlarini tezroq bartaraf etish uchun qo‘lidan kelgan barcha choralarni ko‘rishga va‘da bergandi.

Qirg‘iz rahbari, shuningdek, mamlakat konstitutsiyasini hurmat qilish va fuqarolarning huquqlarini muhofaza qilishga ham so‘z bergandi.

Ammo oradan besh oy o‘tib ham, O‘tinboyeva xonim hali-hanuz Qirg‘iziston janubiga xalqaro politsiya kuchlarining kiritilishiga muvaffaq bo‘lgan emas.

Mahalliy aholi hamon mintaqada vaziyat tang ekani, o‘zlarining haq-huquqlari toptalayotgani va qonli nizolar oqibatlarini bartaraf etish uchun hukumat tomonidan yetarlicha yordam ko‘rsatilmayotganidan shikoyat etib kelishadi.