Qirgʻiziston: Ommaviy zoʻravonliklar ortidan xorijlik talabalar qoʻrquvda yashayotganini aytmoqda

kg
Сурат тагсўзи, Ommaviy tartibsizliklar davomida bir qancha chet el fuqarolari kaltaklangan.
Published

Qirgʻiz rasmiylari vaziyat barqarorlashganini taʼkidlagan boʻlsada, poytaxt Bishkekda oʻqiyotgan xorijlik talabalar qoʻrquvda yashayotganini aytmoqda.

17-maydan 18-mayga oʻtar kechasi kuzatilgan ommaviy zoʻravonliklar ortidan Pokiston 200 nafarga yaqin fuqarosini maxsus reys bilan Qirgʻizistondan olib chiqqan.

Chet ellik talabalar uchun joriy haftaga moʻljallangan darslar onlayn formatga oʻtkazilgan.

Bi-bi-si bilan gaplashgan Qirgʻizistonda oʻqiyotgan xorijlik talabalar gʻazabga mingan qirgʻiz yoshlari pokistonlik, hindistonlik, bangladeshlik, misrlik talabalarga hujum qilgani haqida gapirdi.

Qirgʻiziston Ichki ishlar vazirligi jamoat tartibini saqlash uchun poytaxt Bishkekda 2,500 dan ziyod xodim profilaktik tadbirlar oʻtkazayotganini maʼlum qilgan.

"Ayni vaqtda poytaxt hududidagi vaziyat barqaror, xavfsizligingizdan tashvishlanmay, odatiy hayot tarziga qaytishingiz mumkin", deya xorijliklarga murojaat qilgan Bishkek shahar ichki ishlar boshqarmasi.

Qirgʻiz matbuoti mahalliy faollar, blogerlar va oddiy aholi ommaviy zoʻravonliklardan soʻng tashqariga chiqishga qoʻrqayotgan xorijlik talabalarga oziq-ovqat, xoʻjalik mollaridan iborat yordam tashkil etganini xabar qilgan.

20-may kuni prezident Sadir Japarov boʻlib oʻtgan zoʻravonliklar yuzasidan munosabat bildirgan hamda barcha "adolat va milliy qonunlar oldida teng"ligini bildirgan.

Shuningdek, u bunday ommaviy zoʻravonliklar yana takrorlansa, huquq-tartibot organlari olomonni tarqatish uchun kuch ishlatishidan ogohlantirgan.

Rasmiylar vaziyat nazorat ostida ekaniga ishontirayotganiga qaramay, Bi-bi-si bilan gaplashgan bir qancha xorijlik talabalar tezroq Qirgʻizistondan chiqib ketishni istayotgani haqida gapirdi.

Aloqador mavzular:

Oʻzi nima boʻlgan?

kg
Сурат тагсўзи, Gʻazabnok olomon, asosan, xorijlik talabalar yashovchi yotoqxonaga bostirib kirgan, eshik-oynalarni sindirib tashlagan.

17-may kechki tomon qirgʻiz matbuoti poytaxtning Chuy tumanida ommaviy tartibsizliklar boshlangani haqida xabar qilgan.

Ilk xabarlarda 700 ga yaqin qirgʻiz yoshlari tartibsizlik qilayotgani aytiladi.

Bir vaqtning oʻzida, ijtimoiy tarmoqda gʻazabga mingan qirgʻizistonliklar hududdagi xorijliklar yashovchi yotoqxonaga bostirib kirgani va ularni kaltaklagani tasvirlangan videolar tarqalgan.

Shuningdek, marodyorlik holatlari ham qayd etilgan.

Ayrim mahalliy nashrlar voqealar rivojini jonli tarzda yoritib borgan.

Translyatsiya davomida yuzlab norozi qirgʻizistonliklar hududda toʻplangani, yotoqxona oynalariga tosh otayotgani hamda olomonni tinchlantirishga harakat qilayotgan militsiya xodimlari soʻzlariga quloq tutmayotgani koʻringan.

Tartibsizliklar 18-may erta tongga qadar davom etgan, unda ming nafargacha norozi yoshlar ishtirok etgani taxmin qilingan.

Qirgʻiziston kuchishlatar tuzilmalari favqulodda holat yuz bergan Qirgʻiziston Xalqaro universiteti tibbiyot fakulteti yotoqxonasi doxil boshqa bir qancha xorijlik talabalar yashovchi yotoqxonalar himoyaga olinganini maʼlum qilgan.

Tartibsizliklarga nima sabab boʻlgan?

kg

Qirgʻizistonlik yoshlar 17-may kuni aynan nimadan norozi boʻlib, bir joyga yigʻilgani sababi avvaliga u qadar oydin boʻlmagan.

Tarqalgan videolarda ular mamlakatdagi xorijliklar bilan bogʻliq holat yuzasidan huquq-tartibot organlari rahbarlari bilan uchrashishni talab etayotgani koʻrinadi.

Keyinroq, ommaviy tartibsizliklarga toʻrt kun avval - 13-may kuni olingan video turtki bergani maʼlum boʻlgan.

Rasmiy versiyaga koʻra, shu kuni tunda nomaʼlum shaxslar guruhi "Sharq-5 mikrorayonida xorijlik talabalar bilan uchrashgan".

"Oqibatda, mushtlashuv yuz bergan va talabalar Atay Ogonbayev koʻchasida joylashgan hostelga qochib kirgan. Nomaʼlum shaxslar guruhi esa ularning ortidan quvib borib, yotoqxonada yashayotgan chet el fuqarolariga nisbatan kuch ishlatgan, pul va boshqa buyumlarni ochiq-oydin tortib olgan", deyiladi rasmiy xabarda.

Ichki ishlar vazirligi bergan maʼlumotga koʻra, nomaʼlum shaxslar guruhi shundan soʻng "qizlarning xonalariga ham" kira boshlagan va buning ortidan hosteldagi boshqa xorijliklar "kelganlarga qarshilik koʻrsatgan".

Maʼlum qilinishicha, 13-may kuni hostel hovlisida bir necha shaxs bir kishini urayotgani tasvirlangan video 17-may kuni ijtimoiy tarmoqda biror izohsiz tarqatilgani ortidan mahalliy yoshlarda chet elliklarga nisbatan "ommaviy norozilik kayfiyati" yuzaga kelgan.

kg
Сурат тагсўзи, Qirgʻiziston Bosh vaziri oʻrinbosari Edil Baysalov xorijlik talabalar bilan uchrashib, yuz bergan holat "chuqur tekshirilishi"ga vaʼda bergan.

Rasmiylar ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlar oʻrtacha 18-25 yoshda boʻlgani va ularning soni 700 nafargacha yetganini qoʻshimcha qilgan.

Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi Qamchibek Tashiyev qirgʻizistonlik yoshlarning asosiy noroziligi "mamlakatda Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Misr kabi davlatlardan kelgan migrantlar soni oshib borayotgani"ga qaratilgani haqida gapirgan.

20-may kuni Qirgʻiziston IIV 13-may kuni xorijliklar yashayotgan yotoqxonaga bostirib kirganlar shaxsi aniqlanib, qoʻlga olingani, ular 18-19 yoshdagi uch nafar yigit boʻlganini xabar qilgan.

Kaltaklanganlar kimlar edi?

kg
Сурат тагсўзи, Pokistonda Qirgʻizistonda oʻqiyotgan mamlakat fuqarolari himoya qilinishi talab etilgan namoyish boʻlib oʻtgan.

Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash vaziri 17-18-maydagi tartibsizliklar ortidan 29 nafar xorijlikka tibbiy yordam koʻrsatilgani, ularning 15 nafari kasalxonaga yotqizilganini bildirgan.

Biroq rasmiy xabarlarda jabrlanuvchilar qaysi davlatlar fuqarolari boʻlganiga oydinlik kiritilmagan.

Norasmiy xabarlarda, asosan, tibbiyot sohasida oʻqiyotgan pokistonlik talabalar kaltaklangani, shuningdek, hindistonlik, bangladeshlik, misrlik talabalar ham nishonga olingani aytiladi.

Hindistonlik talaba Olamgirning Bi-bi-siga aytishicha, 18-mayga oʻtar kechasi gʻazabnok olomon u yashaydigan yotoqxonaga bostirib kirishga uringan.

"Avvaliga ular derazalarga fonar tutdi, keyin tosh otib, oynalarni sindirishga urindi. Biz ovoz chiqarmasdan oʻtirdik. Shu payt mahalliy yashovchilar kelib, hujumchilarni haydab yubordi", boʻlgan holatni eslaydi u.

Xavfsizlik yaxshi taʼminlangan davlat universitetida oʻqigani uchun bexatar ekanini bildirgan bangladeshlik talaba Salmon Forsiy Siam vaziyat hamon murakkab ekanini taʼkidlaydi.

"Xususiy tibbiyot kollejlari, universitetlarda oʻqiyotganlar xavfsizlikda emas. Hozir hech birimiz xavfsizlikda emasmiz", tashvish bildiradi u Bi-bi-si bilan suhbatda.

Boshqa bir bangladeshlik talaba Afrin Axter Ananya 18-may tunida olomon u yashaydigan hostelga bostirib kirganini aytadi.

"Ular xorijliklarni kaltakladi. Biz hali ham hujum sababini bilmaymiz", deydi shanba kuni Bi-bi-si bilan gaplashgan Ananya.

Bi-bi-si bilan aloqaga chiqqan boshqa talabalar vaziyat barqarorlashgani aytilganiga qaramay, mamlakatda oʻzlarini xavfsiz his etmayotganliklari haqida gapirdi.

Bishkekda yuz bergan holat ijtimoiy tarmoqda keng tarqalishi ortidan Pokistonda Qirgʻizistonda oʻqiyotgan mamlakat fuqarolari himoya qilinishi talab etilgan namoyish boʻlib oʻtgan.

19-may kuni Pokiston Qirgʻizistonda oʻqiyotgan 180 nafarga yaqin fuqarolarini maxsus reys bilan ortga qaytarib olib ketgan, ularni Islomobod aeroportida shaxsan federal ichki ishlar vaziri Noxsin Makvi kutib olgan.

Hindiston Tashqi ishlar vazirligi soʻzchisi Randhir Jaisval Bi-bi-siga Qirgʻizistondagi vaziyat "mutlaqo joyida" ekani hamda rasmiy Dehli qirgʻiz hukumati bilan doimiy aloqada boʻlib, vaziyatni kuzatib borayotganini maʼlum qildi.

Bir vaqtning oʻzida Jaisval "ijtimoiy tarmoqda asoslanmagan xabarlar tarqalayotganidan talabalar orasida qoʻrquv kayfiyati yuqori" qolayotganini taʼkidladi.

Shunday manzarada Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov 17-18-may tartibsizliklari boʻyicha videomurojaat bilan chiqqan.

15 daqiqalik murojaatda Japarov "yuz bergan voqea tagiga yetmagan guruhlar harakati ortidan xalq va davlatning katta qismi zarba ostida qolgan"ini taʼkidlagan.

"Biz 18-may kuni internetda 13-may kuni yuz bergan holat haqida turli maʼlumot va videomateriallar tarqalganiga guvoh boʻldik. Ha, agar huquq-tartibot organlari tezkorlikda chora qoʻllaganda va harakatlari haqida oʻz vaqtida jamoatchilikka tushuntirish berganda, bu voqea yuz bermasligi mumkin edi", degan prezident.

Bir vaqtning oʻzida, Japarov ommaviy tartibsizlik uyushtirganlarni "vatanparvarlik kayfiyatidagi yoshlar" deya atagan va ularning noqonuniy migratsiyaga chek qoʻyish talabini toʻgʻri deb bilishini tilga olgan.

Japarov, shuningdek, yosh qirgʻizistonliklarni sabrli boʻlishga chaqirgan va xorijlik talabalar mamlakat iqtisodiyotiga foyda olib kelayotganini eslatgan.

"Bunday deyayotganimning sababi - biz tashqi dunyo bilan aloqalarni uzib yubormaslik, rivojlanayotgan investitsiyalar, turizm va mehmondoʻstligimizga putur yetkazmaslikka harakat qilishimiz kerak. Hech boʻlmaganda, chetda oʻqiyotgan oʻgʻillarimiz va qizlarimiz xuddi shunday munosabatga uchrashi mumkinligini yodda tutishimiz lozim", yoshlarga murojaat qilgan davlat rahbari.

Qirgʻiziston Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, 2023-yilda mamlakatda MDH davlatlaridan boshqa mamlakatlar fuqarolari boʻlgan talabalar soni qariyb 26 ming nafarga yetgan.

Ularning asosiy qismini Hindiston va Pokiston fuqarolari tashkil etadi - mos ravishda, 14,4 ming va 9,5 ming nafar.

Qirgʻiziston xususiy oliy taʼlim muassasalarida xorijlik talabalar soni 2019-yildan soʻng keskin koʻpaya boshlagani aytiladi.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbekBBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning.